O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15-sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Aleksey Overchukni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasining global miqyosda tarqalishi bilan bog‘liq zamonaviy xavf-xatarlarga qaramay mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol muloqot davom etayotgani va ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi sur’ati saqlab qolinayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari ortayotgani kuzatilmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilyapti, qo‘shma korxonalar soni ko‘paydi.

O‘zbekiston Prezidenti koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda yaqin va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladi.

Mavzuga doir:
Shavkat Mirziyoyev Nikaragua Prezidentini tabrikladi
YeTTB sobiq prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maslahatchi bo‘ladi
Prezident rossiyalik rektorni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi

Rossiya Hukumati Raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk uchrashuv o‘tkazish imkoniyati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumati Raisi Mixail Mishustinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy kooperatsiya bo‘yicha uzoq muddatli dastur tayyorlash, qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlari kun tartibini yangi mazmun bilan boyitish maqsadida hamkorlikdagi ustuvor dastur va loyihalarni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi va MDH doirasidagi yaqin muloqotlarni davom ettirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.