Smartfon va kompyuterlardan haddan ortiq foydalanish miya charchog‘i va depressiyaga olib keladi. Yaponiyalik olimlar tadqiqotlardan so‘ng shunday xulosaga kelgan.

Foto: Rambler.ru

«Okumura» xotira klinikasi direktori Ayumi Okumuraning ta’kidlashicha, oxirgi vaqtlarda xotirasiga zarar yetgan odamlar soni ko‘paygan. Klinikaga asosan 30 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan bemorlar murojaat qilmoqda.

Shifokor bu holatni odamlar telefon va kompyuterlardan faol foydalana boshlagani bilan izohladi. Haddan ortiq ma’lumot olinishi natijasida miya charchaydi. «Odam miyasi bu qadar ko‘p ma’lumotni qayta ishlay olmasligi natijasida «axlat qutisi»ga aylanadi», — deydi Okumura.

Olimlar ovqatlanish vaqtida, ishda va televizor ko‘rish asnosida telefondan foydalanmaslikni maslahat berishdi. Shuningdek ko‘proq uxlash kerak, chunki uyqu vaqtida miya dam oladi va tiklanadi.