Qonunchilikka ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Foto: uForum

Shikoyat bergan abituriyent xabarnomada belgilangan kunda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.

Abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test topshiriqlari kitobi beriladi.

Abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.

Shikoyat apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.

Yozma javoblar o‘z tasdig‘ini topmasa, komissiya natijalarni o‘zgarishsiz qoldiradi.

Shikoyat quyidagi hollarda ko‘rib chiqilmaydi:

  • abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga yetkazilmagan yoki yirtilgan bo‘lsa;
  • abituriyent test sinovlaridan chetlashtirilgan bo‘lsa;
  • abituriyent o‘z javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan bo‘lsa.

Apellyatsiya jarayonida quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar (lug‘at, jadvallar bundan mustasno) olib kirish;
  • test materiallarini boshqa abituriyentga uzatish, ularga yordam berish yoki yordam olish;
  • test topshiriqlari kitobining varag‘ini yirtish.

Komissiya qarori bo‘yicha ma’lumot Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga apellyatsiya jarayoni to‘liq tugaganidan so‘ng 5 ish kuni ichida taqdim etiladi.

Mavzuga doir:
Madrasalarda qabul imtihonlarini o‘tkazish kunlari belgilandi
Imtihondan olingan tasvir ota-onalarga ko‘rsatilmoqda

Abituriyent apellyatsiya natijalari yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin.