Qarshi shahridagi oilaviy poliklinikada “onkolog” shifokor bo‘lib ishlash bilan bir qatorda, Qarshi davlat Universitetida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritib, talabalarga saboq berib kelgan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zgalarning pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘ldi.

Foto: Sputnik

Ushbu fuqaro go‘yoki yuqori lavozimda ishlaydigan tanishlari borligini ro‘kach qilib, bir abituriyentni Qarshi davlat Universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5000 AQSh dollari, ikkinchi abituriyentni M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat Universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2000 AQSh dollari, jami 7000 AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etganligi uchun 2018- va 2019-yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining hukmi bilan ikki marotaba sudlangan ushbu fuqaro o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Mavzuga doir:
Yangiyo‘lda kadastr xizmati mansabdori $13 500 pora bilan ushlandi
Samarqandda fuqarodan o’qishga kiritib qo’yish evaziga $400 so’ragan shaxs ushlandi

Qayd etilishicha, hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.