Foto: Sputnik

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 724 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda, deb xabar qilmoqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi qoshida tuzilgan koronavirusga qarshi kurash markaziy shtabi.

“Xitoydan kelgan 724 fuqaro tibbiy kuzatuvda, 2200ga yaqin kishida kuzatuv yakunlandi”, – deyilgan markaziy shtab xabarida.

Shuningdek, Hukumat komissiyasi qarori bilan joriy yilning 4-6 fevral kunlari Oʻzbekistonga Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahridan 2 ta hamda Uxan provintsiyasidan 1 ta charter reyslar orqali jami 584 nafar fuqarolarimiz olib kelindi. Fuqarolarning barchasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi va 14 kun muddat davomida (kasallikning yashirin davri davomida) tibbiy nazoratga olindi. Fuqarolar uchun maxsus tayyorlangan muassasalarda barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan.

Undan tashqari, epidemiya eʼlon qilinmasdan oldin Xitoydan Oʻzbekistonga kelgan 2912 nafar fuqarolar ham qoʻshimcha koʻrikdan oʻtkazilgan, lekin ular orasida koronavirus infektsiyasi belgilari aniqlanmagan.

“Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan fuqarolar roʻyxati asosida 2912 nafar fuqarolarimiz tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shulardan 2188 nafarida kasallikni yashirin davri (14 kun) yakunlangani va tibbiy koʻrik davomida hech qanday koronavirus infektsiyasi belgilari aniqlanmaganligi bois tibbiy kuzatuv ishlari yakunlandi”, – deyilgan xabarda.