Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida maktablar ochilishi bo‘yicha qilinayotgan harakatlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Google

“Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ko‘ra, Mahalliy Kengashlarning oshib borayotgan vakolati maktablar ochilishi bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishlariga imkon beradi. Lekin aslida ham shundaymi?

Haqiqatda ham amaliyotda Mahalliy Kengashlarda shunday qaror qabul qilish vakolati bormi?

Hammamiz yaxshi bilamizki Mahallliy Kengashlar raislari o‘sha hududlarning hokimlari hisoblanadi. Hokimlar uchun esa Mahalliy Kengash qarori asosida ish tashkil etish emas, balki yuqoridan kelgan topshiriq ijrosini ta’minlash muhimroq hisoblanadi.

Shunday ekan, farzandlarimiz hayoti, sog‘lig‘iga oid muhim qarorni aslida hech qanday vakolati, ta’sir kuchi yo‘q Mahalliy Kengashlar hal qiladi deb kimni aldayapsiz, janob vazir? O‘zingiznimi yo jamoatchiliknimi?

Menga bu ko‘proq Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mas’uliyatdan qochish, ehtimoliy xatoni oldindan sug‘urtalash uchun o‘ylab topilgan bir taktikadek tuyulmoqda.

Chunki bugungi noaniq epidemiologik vaziyatda o‘quv yilini an’anaviy shaklda boshlash nihoyatda xavfli (riskli) qaror ekanligi hamda katta ehtimol bilan bu qaror o‘zini oqlamasligini taxmin qilish qiyin emas.

Shu bois, Xalq ta’limi vazirligi aqlli “yurish” qilib, mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqit qilib, uni Mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga yuklashni ma’qul ko‘rmoqda.

Umuman olganda, oxirgi paytlarda go‘yoki Mahalliy Kengashlar vakolatini oshirish fonida aholi e’tirozlariga eng ko‘p sabab bo‘ladigan muammoli masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish (masalan, yer uchastkalarini olib qo‘yish, mahalliy budjetni tasdiqlash) vakolatini “qog‘ozda” Mahalliy Kengashlarga berish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Garchi bu o‘zgarishlar demokratik jihatdan to‘g‘ri qadam bo‘lsa-da, lekin amaliyotda bu muammolarni yechilishidan ko‘ra, ularni battar gazzaklab ketishiga xizmat qiladi, xolos.

Toki hokimlar bir paytni o‘zida Mahalliy Kengash raisi vazifasini bajarish amaliyotiga chek qo‘yilmas hamda ularga ijro hokimiyati organlari vakillari bo‘lmagan nomzodlar saylanmas ekan, Mahalliy Kengash vakolatlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar faqat quruq, balandparvoz gap bo‘lib qolaveradi.

Maktablar ochilishiga qaytadigan bo‘lsam, menimcha, epidemiologik vaziyat yuqori cho‘qqisiga chiqqan yoki chiqib kelayotgan hududlar (hozirda asosan vodiy viloyatlari)da bu qaror biroz kechiktirilishi, hech bo‘lmasa ushbu hududlarning markaziy, katta shaharlarida maktablar faoliyati hozircha yo‘lga qo‘yilmay turishi kerak.

Mavzuga doir:
Xalq ta’limi vazirligi sobiq deputat Qobul Dusovni sudga berdi
Maktablarda darslar tashkil etishning tartibi e’lon qilindi
O‘qituvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun pul to‘laydilarmi?

Chunki koronavirus va pnevmoniya infeksiyasi bilan kasallanish keskin oshib borayotgan bir paytda, farzandlarimiz hayotini yoki ular infeksiya tashuvchi sifatida yoshi katta, hamroh kasalliklari bor oila a’zolarining hayotini xavf ostiga qoldirish ehtimoli maktablarni shoshib ochishga arzimaydi”, degan deputat o‘z xabarida.