U navbatdagi bosqichga yo‘l oldi, deya xabar bermoqda “Sports” nashri.

Foto: Sports

Iordaniya poytaxti Amman shahrida davom etayotgan Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi turnirda hamyurtimiz Tursunoy Rahimova (-51 kg) Janubiy Koreyalik Junx Juxyonga qarshi chorak final bosqichi yo‘lida o‘z jangini o‘tkazdi.

Mazkur vazn toifasida qolganlarga nisbatan ko‘proq yo‘llanma o‘ynaladi. Ya’ni, oltilikdan o‘rin olgan bokschilar litsenziyani qo‘lga kiritadi.

Jangning birinchi raundi tezkor zarbalar almashinuvi bilan boshlandi. Vakilamiz chap qo‘lida bir qator aniq zarbalar yo‘llay oldi. Umuman olganda, ushbu raundda yurtdoshimiz ajoyib harakat qildi.

Ikkinchi raundda biroz klinch holatlari ko‘proq bo‘lganligi bilan yodda qoldi. Lekin Tursunoy raqibini aniq zarbalar bilan kutib olishga harakat qildi va bu qaysidir ma’noda o‘zini oqladi, deb ayta olamiz.

Uchinchi raundda Janubiy Koreyalik bokschi oldinga tashlandi va birinchi raqamda harakat qildi.

Albatta, ikki raundda imkoniyatni boy berganligi ham bunday harakat qilishga undadi. Biroq, yurtdoshimiz qarshi zarbalarda yaxshi harakat qildi. Uslubidagi rang-baranglik vakilamizga qo‘l keldi va u ushbu to‘qnashuvda chiroyli g‘alabaga erishdi.