Hozirgi vaqtda o‘zini-o‘zi yakkalash tartibidan o‘zini-o‘zi himoyalash tartibiga o‘tilishi kerak. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova “Shifobaxshuz” Telegram-kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: SSV axborot xizmati

Suhbat davomida Barno Abdusamatovaning ma’lum qilishicha, dunyo bo‘yicha pandemiyaning ilk bosqichlarida kasallanganlar soni 100 ming nafarga yetishi uchun hafta kerak bo‘lsa, hozir esa bu raqam soatlar ichida qayd etilmoqda.

“Mamlakatimizdagi hozirgi holatni juda yaxshi deb aytolmayman. Chunki ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak sentabrning ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan bo‘lsa, 9-sentabrda bu ko‘rsatgich qariyb 406 nafarga oshdi.

Odamlar, jumladan, bolalar ancha vaqt uyda bo‘ldi, endilikda, karantindan chiqqanligi sababli ko‘pchilikda bemalollik kuzatilmoqda. Karantin choralari yumshatilganidan keyin bozorlar, istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari ish boshladi.

Aholimiz o‘sha joylarga o‘zlari va farzandlari bilan tezroq borishni ya’ni avvalgi hayot tarzidek yurishni xohlamoqda. Shuningdek, maktablarda yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan aholi o‘rtasida o‘zaro muloqotning ko‘payishi, o‘z navbatida, koronavirus xavfini ham kuchaytiradi”
, – dedi shtab a’zosi.

Uning ta’kidlashicha, hozirgi davrda o‘zini-o‘zi yakkalash tartibidan o‘zini-o‘zi himoyalash tartibiga o‘tilishi kerak.

“Unutmasligimiz kerakki, atrofimizda koronavirus bor ekan, biz, unga ko‘nikib yashashni o‘rganishimiz lozim Bu juda oddiy. Ijtimoiy masofani saqlash, uydan tashqarida niqob taqish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, turmush tarzimizni o‘zgartirib tibbiy madaniyatimizni oshirishimiz, sog‘lom turmush tarzini olib borishimiz zarur”, – deya qo’shimcha qildi mutaxassis.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 9-sentabr soat 23:30 dan 10-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 749 ta holat qayd etilgan va bu so‘nggi 39 kun ichidagi eng yuqori natija bo‘lgan edi.

10-sentabr kuni esa 749 kishida koronavirus aniqlangan va bu ko‘rsatgich eng ko‘p kasallik aniqlangan kunlar orasidagi uchinchi natija bo‘ldi.

Mavzuga doir:
Qaysi yoshdagi bolalarda koronavirus yuqtirish xavfi yuqori?
Maktablarda darslar tashkil etishning tartibi e’lon qilindi
Abituriyent ruxsatnomasini testga kirish joyida chop etib berish yo‘lga qo‘yiladi

Ayni vaqtga kelib mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 46 160 nafarga yetib, kasallikdan sog’ayib ketganlar soni esa 42 857 tani tashkil etmoqda.