Foto: Google

Muntazam ravishda meʼyoridan ortiq ishlash erkaklarda soch toʻkilishi xavfini ikki karra oshirar ekan. Songyungvan universitetidagi koreyalik tadqiqotchilar xuddi shunday xulosaga kelishdi, deya tadqiqot natijalarini eʼlon qilgan Medical Daily nashri.

Tadqiqotchilar 2013 yildan 2017 yilga qadar 20 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan 13,4 ming nafar erkak ustidan nazorat olib borishgan. Ular sinovdan oʻtuvchilarni uch guruhga boʻlganlar. Birinchi guruh haftasiga 40 soat, ikkinchi guruh — 52 soatgacha, uchinchisi — 52 soatdan ortiq ishlagan. Shuningdek, natijaga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan omillar, xususan, erkaklarning ishlash jadvali, yoshi, maʼlumoti, oilaviy ahvoli, zararli odatlari ham hisobga olingan.

Mutaxassislar fikricha, haftasiga 52 soatdan koʻp ishlaydigan erkaklarda yaltirbosh boʻlib qolish holatlari ikki marta koʻproq uchraydi. Standart ish jadvali haftasiga 40 ish soatini tashkil etsa-da, koʻplab xodimlar ofisda qolib, yana maʼlum vaqt ishlar ekan.

Natijalarga koʻra, meʼyordan ortiq ishlash tufayli yuzaga keladigan stress, bosh terisida gormonal oʻzgarishlarni yuzaga keltirishi va soch follikulalari oʻsishini sekinlashtirishi mumkin. Yaʼni stress tufayli immun tizimning oʻzi soch qoplamiga hujumga oʻtishi mumkin.

Erkaklarda kallikning ilk belgilari 20-30 yoshlarda paydo boʻladi, shu bois ekspertlar ularga ish soati miqdori ortidan diqqat bilan kuzatib borishni tavsiya etadilar.

Sal oldin parfyumeriyada sandal daraxti hidini imitatsiya qilishda ishlatiladigan modda insonda soch oʻsishiga yordam berishi mumkinligi haqida xabar tarqalgan edi. Sandolar moddasi bosh toʻqimasi namunalariga surtilganida, soch oʻsishi tezlashgani va oʻlik hujayralar soni kamaygani kuzatilgan.