Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Foto: Zarnews

Qonun, avvalo, ijtimoiy hayotimizda ba’zan uchrab turadigan, tabiatimizga yot bo‘lgan, yoshlarimizning sog‘lom voyaga yetishlariga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadigan ichkilikbozlik, giyohvandlik yoki zaharvandlik kabi inson xulq-atvoriga zid illatlarni bartaraf etishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatga molik.

Qonunda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan yigirma kunlik muddatda, ushbu shaxs hozirligida qabul qilinishi ko‘rsatib qo‘yildi.

Mahalliy davlat hokimiyati, mehnat organlari davolanib chiqqanlarni ishga joylashtirish hamda maishiy turmushga moslashishida ko‘maklashish huquqiy mustahkamlandi.

Qonunga ko‘ra, davlat ambulatoriya va statsionar sharoitlarda bunday bemorlarga maslahat berish-tashxis qo‘yilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiyaviy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.

Narkologiya dispanserlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etilishi, qolaversa, ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan ko‘rsatilishi belgilangan.

Senat a’zolari mazkur Qonunni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Aziz Ikromov quyidagilarni ma’lum qildi:

“Hozirgi kunda 5889 nafar giyohvandlik moddalari iste’mol qiluvchi yoshlar ro‘yxatda turishibdi. Ularning asosiy qismi Andijon, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi” – dedi Ikromov.

Mavzuga doir:
“Zangiota-Chilonzor” yo‘nalishiga kirishi uchun “damaschi”dan $500 talab qilgan shaxslar ushlandi
DXX giyohvandlikka qarshi reyd tadbirlarini o‘tkazdi