Singapurdagi Materialshunoslik va muhandislik instituti olimlari koronavirus alomatlarini qayd etib boruvchi maxsus datchiklar tizimini ishlab chiqishdi. Uni istalgan turdagi niqobga o‘rnatish mumkin, deb yozmoqda Straits Times.

Foto: Straits Times

Ushbu “monitoring tizimi” datchiklari tana harorati, qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi (saturatsiya), arterial bosim hamda yurak urishini kuzatib boradi.

To‘plangan ma’lumotlar asosida foydalanuvchi koronavirusga chalingan-chalinmaganini bilib oladi.

Tizim polimer material bilan qoplangan sensorlardan iborat — ular odatda bolalar uchun o‘yinchoqlar yasashda qo‘llaniladi.

Datchiklar o‘rnatiluvchi materallar egiluvchan va suv o‘tkazmaydi. Tizimda ma’lumotlarni real vaqt tartibida smartfondagi ilovaga uzatib turuvchi Bluetooth qurilma ham o‘rnatilgan.

Tizimni istalgan turdagi (bir martalik va ko‘p martalik) niqobga o‘rnatsa bo‘ladi, chiplarni istalgan paytda yechib olib, niqobni yuvib qayta foydalanish mumkin.

Sentabr oyi oxirlarida tizim klinik sinovlardan o‘tkaziladi, sinov yaxshi o‘tsa, uni tijoriy foydalanishga chiqarish rejalashtirilgan.

Mavzuga doir:
Qanday hollarda kichik yoshdagi bolalarga niqob taqish talab etilmaydi?
Bir martalik tibbiy niqobdan voz kechish kerak – olimlar
JSST niqob taqishi shart bo’lgan eng kichik yoshni belgilab qo’ydi

Laboratoriya sharoitida bitta tizim yaratish 50 singapur dollari (36,5 AQSh dollari)ga tushishi aytilmoqda. Keng ko‘lamli yo‘lga qo‘yilsa narxi 20 singapur dollari (14,6 AQSh dollari)ga tushishi mumkin ekan.