Bugun Toshkentda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan muborakbod etib nutq so‘zladi.

– Yer yuzida insoniyat paydo bo‘libdiki, odamzot muqaddas Ona siymosini, mo’tabar ayol zotini ulug‘lab, hamisha sharaflab keladi. Onalarimiz sharofati bilan Vatanimiz tuprog‘i jannat bog‘laridek go‘zal va bebahodir. Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor, – dedi davlatimiz rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayollarimiz oilasini sarishta saqlash bilan birga jamiyat va davlat ishlarida ham faollik ko‘rsatmoqda.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Senatda va mahalliy kengashlarda 25 foizdan oshdi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimizning qonun chiqaruvchi organi ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37 – o‘ringa ko‘tarildi. Holbuki, bundan 5 yil avval 128 – o‘rinni egallab turgan edik.

Muhtarama ayollarning 16 nafari Vatanimizning eng oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Ularning safi tobora kengayib boryapti. Shu kunlarda tashabbuskor va tashkilotchi ayollar tuman va shahar hokimi lavozimlariga tayinlanayotir.

Ishlab chiqarish, ta’lim – tarbiya, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport sohalari rivojida ham nazokat va latofat egalarining munosib hissasi borligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati