Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va Prezident administratsiyasi bilan hamkorlikda o‘zbeklar orasida birinchi bor Kolumbiya universitetining tenure track pozisiyasi, ya’ni umrbod professorlikka yetaklovchi lavozimga qabul qilingan Aziza Shanazarova Toshkentga 6 mart kuni tashrif buyurdi. A.Shanazarova 9 – 11 mart kunlari qator tadbirlarda ishtirok etib, keng jamoatchilik vakillari, olimlar, yoshlar bilan uchrashadi.

Foto: Darakchi

Xususan, A.Shanazarova Toshkent davlat sharqshunoslik instituti jamoasi va yosh ilmiy xodimlari, shuningdek Fanlar akademiyasi ilmiy – tadqiqot institutlari ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektorlari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan. Aziza, shuningdek, Innovasion rivojlanish vazirligi va uning huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlari bilan ham ko‘rishadi.

Yoshlarning ilm-fanga mehrini oshirish, ularni yuqori marralarni egallashlariga targ‘ib qilish maqsadida professor Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab – internati va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab – internati o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.

10 mart kuni Poytaxt biznes markazida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Tashrifi yakunida olima Toshkentdagi Yodju texnika instituti yosh olim va talabalari bilan muloqot qiladi.

Aziza Shanazarova 2007 yil, Toshkent davlat sharqshunoslik institutini Sharq falsafasi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2011 yil AQShning Indiana-Blumington universiteti magistraturasini imtiyozli diplom bilan bitirdi.

2019 yil Aziza Shanazarova Indiana universitetining ikki yo‘nalishi bo‘yicha PhD doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Uning ilmiy ishi so‘fizm, gender tarixi va ayollarning Markaziy Osiyo tarixida tutgan o‘rni bo‘lib, shu mavzuda bir necha yillardan beri izlanish olib bormoqda. Hozirda AQShda joylashgan Pittsburg Universitetining Islomda gender va ayollar masalasi bo‘yicha postdoktorantura izlanuvchisi. Pittsburg universitetida bahorgi semestrda dars berishni tugatishi bilan, Oksford universitetiga boradi. U yerda ma’ruzalar berish bilan bir qatorda, 2020 yilda BRILL nashriyotida birinchi kitobi ustida ishni davom ettiradi.

Aziza ilmiy ish bilan birga chet ellik talabalarga dars beradi. Dastlab Indiana universitetida dars berish faoliyatini boshlagan, keyin Stanford universitetida lektor darajasida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Dunyoning eng qadimgi universitetlaridan biri hisoblangan Oksford universitetining Islomshunoslik markazining ilmiy tadqiqotchisi hisoblanib, u yerda ham ma’ruzalar o‘qiydi.

AQSh, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi bir qancha yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan ilmiy hamkorlikni davom ettirib kelmoqda. Shu jumladan, Manchester universiteti, Varshava universiteti, Ogayo universiteti, Illinoys universiteti, Stenford universiteti, Sorbonna universiteti, Bonn universiteti, Pekin universiteti va AUCA (Bishkek)ni sanab o‘tish mumkin.

Aziza Shanazarova Markaziy Osiyodagi so‘fi ayollarning yirik vakilasi bo‘lgan Hazrat og‘oyi buzurg (Hazrat Qizbibi) va Hofiz Basirning unga bag‘ishlab yozgan “Mazhar al-Ajoyib” asarining chop etish ustida ish olib bormoqda.

Darvoqe, Azizaning Toshkentga kelishi yaqinlari uchun “syurpriz” bo‘ldi. U aeroportdan to‘g‘ri onasi faoliyat yuritayotgan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 20 – oilaviy poliklinikaga bordi. Xotin-qizlar bayrami arafasida bu onasi uchun eng katta sovg‘a bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, deyiladi xabar so’ngida.