Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda mo’tabar ayol zotini ulug‘lash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zining iqtidori va ibratli faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, turli soha va tarmoqlarda qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarayotgan, ijtimoiy hayotda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan qizlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida:

  1. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, san’at, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.
  2. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tantanalarida sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirilsin.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
  5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sh.Kudbiyev zimmasiga yuklansin.