2020-yil 1 martdan boshlab Tehron shahridagi O‘zbekiston Elchixonasi huzurida Ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, u Eronda COVID – 19 koronavirusining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorlashganiga qadar tunu kun faoliyat yuritadi. Bu haqida Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Elchixona ma’lum qilishicha, hozirgi paytda 50 ga yaqin hamyurtlarimiz turli sabablarga ko‘ra Eronda bo‘lib turibti, ertalab 6 mart holatiga ko‘ra ular orasida koronavirus bilan kasallanganlar qayd etilmagan.

Elchixona Eron tomonining vakolatli organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibti, Ishchi guruh a’zolari uchrashuvlar, tushuntirish ishlari olib bormoqda, shuningdek, vatandoshlarga konsullik huquqiy va boshqa masalalarni hal qilishda yordam bermoqda.

Elchixona rasmiy veb-sayti va “Telegram” messenjerida tashkil etilgan maxsus guruh orqali O‘zbekiston fuqarolariga Eron hukumati o‘rnatgan me’yor va qoidalariga, ehtiyotkorlik sanitariya choralariga qat’iy rioya qilishlarini, vatanga qaytish yoki boshqa bir qarorga kelishdan oldin, hotirjamlik va ehtiyotkorlik bilan xulosa chiqarishni tavsiya etadi. Shuni yodda tutish joizki, Erondan Toshkentga qaytgach O‘zbekiston fuqarolari maxsus tayyorlangan joyda 14 kun davomida karantinda bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi elchixonasidagi Ishchi guruh bilan bog‘lanish ma’lumotlari:
Tel.: +98 2122832071; +98 2122299780;
Kosturayev Kosturajon (konsul), tel.: +98 91201327823.

Elchixonaning Internet manbalari:
Elchixona veb-sayti: http://uzbekembassy.ir