Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli 15 mart kunidan boshlab ta’til e’lon qilinishi haqida ma’lumot tarqatildi. Bu haqida vazirlikning matbuot kotibi yozmoqda.

Foto: Xalq so’zi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mazkur tarqatilgan ma’lumot noto‘g‘riligini ma’lum qiladi. O‘quvchilar o‘tgan yillarida bo‘lganidek, 21 mart kunidan navbatdagi ta’tilga chiqadi. Ta’til yetti kun davom etadi.

Ta’kidlash lozimki, Xalq ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya – epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan muntazam aloqada.

Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi maktablarda koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasini oldini olish borasidagi tavsiyalarini posterlar shaklida chop etdi va ular maktablarga tarqatildi.

Xalq ta’limi vazirligi zaruriyat tug‘ilganda vaziyat rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib boradi, deyiladi xabarda.