O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida mamlakatimizga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi a’zolari ishtirokida koronavirusning yurtimiz turizm sohasi rivojiga ta’sirini o‘rganish va bu infeksiyadan ehtiyot choralarini ko‘rish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Unda Vazirlar Mahkamasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashqiloti ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ushbu hududlardagi soha tadbirkorlari, xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi, Otelerlar assosiasiyasi, Oshpazlar, Restoratorlar uyushmalari rahbarlari va a’zolari qatnashdi.

Yig‘ilishda koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi. Jumladan, epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud barcha sanitariya – karantin punktlarida qat’iy nazorat o‘rnatilib, ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangani qayd etildi.

Videoselektorda mutasaddi tashkilotlar tomonidan koronavirusning turizm sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi. Unda turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab – quvvatlash, tashqi ta’sir omilini pasaytirish maqsadida ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish, koronavirus qayd etilmagan davlatlardan sayyohlarni jalb qilishga oid qo‘shimcha choralar ko‘rish, bu borada targ‘ibot – tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish ko‘zda tutiladi. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida sayyohlarning yurtimizga kelishi jarayonida sanitariya talablariga to‘liq rioya qilish va turli kasalliklardan ehtiyot choralarini ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.

Ma’lumotlar ko‘ra, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda 1500 ga yaqin sayyohlik firmasi hamda 1188 ta turli darajadagi mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yurtimizga xorijdan 6,7 million sayyoh tashrif buyurgan.

Yig‘ilishda so‘ngida koronavirusning turizmga ta’sirini kamaytirish borasida tezkor chora tadbirlar rejasi qabul qilinishiga kelishib olindi.