Uzbekistan Airways 8 – mart kuni Seul shahriga charter reysni amalga oshiradi. Bu haqida kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

Barcha savollar, shuningdek, chipta sotib olish masalasida O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasiga va Uzbekistan Airways aviakompaniyasining vakolatxonasiga murojaat qilish mumkin.

Qayd etilishicha, ushbu qatnov Janubiy Koreya hududida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning kuchayishi tufayli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda barcha reyslarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Har bir havo kemasida zamonaviy diagnostika va shaxsiy himoya vositalari, zarur bo‘lgan tibbiy preparatlar hamda virusologiya sohasidagi sog‘liqni saqlash xodimlari va mutaxassislari mavjud.

“Bu qatnovning yo‘lovchilari vaqtinchalik joylashtirish punktiga yuboriladi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar aeroportida yo‘lovchilarni kutib olmasligingizni so‘raymiz. Kelish vaqti haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilarning vaqtincha joylashtirish punktida turishi masalalari bo‘yicha SSV huzuridagi Sanitariya – epidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh qarorgohiga +999 (71) 276-49-66 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.