Abdurazzoqov Shavkat Shokirjonovichni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlash haqida Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi.

Abdurazzoqov Shavkat Shokirjonovich

Deputat Rasul Kusherbayevning xabar berishicha, ushbu masala palataning yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

Sh.Abdurazzoqov ayni vaqtga qadar Namangan shahar hokimi vazifasida mehnat qilmoqda edi.

«Yangi rahbar raisligidagi sohada nazorat kuchaytirilib, asossiz ravishda daraxtlar kesilmasligiga umid qilamiz», deya munosabat bildirdi deputat.

Shavkatjon Abdurazzoqov 1976 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Namangan sanoat – texnologiya instituti hamda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1998 yili Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari bo‘yicha viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisligidan boshlagan. 2001—2017 yillarda viloyat hokimligi referenti, viloyat Davlat mulk boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasi departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, Namangan tumani hokimi, Vazirlar Mahkamasi departamenti mudiri vazifalarida ishlagan.

U 2017 yil iyul oyidan buyon Namangan shahri hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.