Hukumat qarori (118-son, 03.03.2020 y.) bilan Sport-ta’lim muassasalarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqida “Huqiqiy axborot” yozmoqda.

Foto: Expo Veneto

Unga ko‘ra, davlat xizmati DXMlar yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Trener – o‘qituvchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi:
– ikkinchi toifali trener;
– birinchi toifali trener;
– oliy toifali trener.

Yo‘riqchi-uslubchilarga quyidagi malaka toifalari beriladi:
– ikkinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi;
– birinchi toifali yo‘riqchi-uslubchi;
– oliy toifali yo‘riqchi-uslubchi.

Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun quyidagi miqdorda to‘lovlar undiriladi:
– ariza ko‘rib chiqish uchun – BHMning 10 foizi (22 300 so‘m) miqdorida;
– malaka komissiyasini o‘tkazish uchun – BHMning 1 baravari (223 000 so‘m) miqdorida.

Davlat xizmatini olish uchun YaIDXP orqali murojaat qilinganda ko‘rsatilgan to‘lovlar summasining 90 foizi undiriladi.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoniga, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslar haq to‘lashdan ozod etiladi.

Malaka toifalari 5 yil muddatga beriladi.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga malaka toifalari cheklanmagan muddatga beriladi.

Mazkur reglament “Xalqaro toifali trener” malaka toifasini berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.