Jizzax viloyatining “Forish” togʻ poligonida Oʻzbekiston-Amerika “Yengilmas soqchi ‒ 2020” qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar qildi. Bu haqida “Sputnik” xabar bermoqda.

Foto: Sputnik

24 fevral kunidan 2 mart kuniga qadar Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi va Qurolli kuchlarining tegishli tuzilmalari va AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qoʻmondonligi bilan hamkorlikda qoʻshma aksilterror mashqlari oʻtkazilgan.

“Boʻlib oʻtgan “Yengilmas soqchi ‒ 2020” oʻquv mashgʻulotlarining asosiy maqsadi har ikki davlatning xavfsizligini taʼminlash borasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda yuzaga kelish ehtimoli boʻlgan inqirozli vaziyatlarda tegishli choralarni koʻrish borasidagi harakatlarni muvofiqlashtirish darajasini oshirishdan iborat boʻldi”, – deyilgan xabarda.

Taʼkidlanishicha, hamkorlikda oʻtkazilgan oʻquv mashqlari kelgusida har ikki mamlakat harbiy xizmatchilari turli xavf-xatarlarga duch kelganlarida tezkor va aniq qaror qabul qilishlari va ularning oldini olishlariga, shuningdek, birgalikdagi uyushqoq harakatlarni amalga oshira olishlari uchun xizmat qiladi.

Shu bilan birga Oʻzbekiston nafaqat amerikaliklar, balki oʻzining yaqin qoʻshnilari bilan ham faol oʻquv mashqlarini oʻtkazmoqda. Masalan, 2019 yil sentyabrida “Markaz-2019” xalqaro oʻquv mashqlari boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Pokiston va Hindistondan harbiylar ishtirok etdi.