Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash jarayoni jadallashtiriladi. Bunga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati 10 kundan 5 kunga, qayta rasmiylashtirish boʻyicha – 5 kundan 2 kunga (ariza qabul qilingan sanadan eʼtiboran, uni taqdim etish usulidan qatʼi nazar) qisqartirilganligi orqali erishildi, deb yozmoqda “Norma” nashri.

Foto: Google

Bu qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash uchun roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasini olishga ham taalluqlidir. Endi Asillik darajasini belgilash palatasi guvohnomani berish yoki muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi arizani 5 ish kuni (ilgari 7 ish kuni edi), qayta rasmiylashtirishda esa 3 ish kuni (ilgari 5 ish kuni edi) mobaynida koʻrib chiqadi. Xuddi avvalgidek, 1 BHM miqdoridagi qoʻshimcha haq evaziga zargarlik buyumlari bilan savdo qilish huquqini beradigan guvohnomalarni olishga doir murojaatlar tezkor tartibda (tegishincha 2 va 1 ish kuni davomida) koʻrib chiqiladi.

Shuningdek taʼkidlash joizki, zargarlik buyumlari bilan savdo qilishga doir amaldagi qoidalarga tuzatishlar kiritildi. Oʻzgarishlarning katta qismi bevosita Prezidentning 18.05.2019-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5721-son Farmoni qoidalaridan kelib chiqdi. Bundan tashqari, shunday mahsulotlarni vositachilar va internet-doʻkon orqali realizatsiya qilishning oʻziga xos jihatlari qayd etilgan.

Hujjat 21.02.2020-yildan kuchga kirgan.