Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: ABT

So‘ngi kunlarda koronavirus infeksiyasining dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgani tufayli epidemik vaziyat yanada qaltis bo‘lib bormoqda. Shundan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus (COVID – 19) infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud barcha sanitariya – karantin punktlarida qat’iy nazorat o‘rnatilib, ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi nazorat tadbirlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda mahalliy mutasaddi vazirlik va idoralar bilan ham hamkorikda tizimli profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, vazirlik Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan qo‘shma qaror qabul qilib, unda yurtimizdagi barcha bog‘chalarda koronavirus infeksiyasining profilaktikasi va nazorati bo‘yicha chora – tadbirlarni kuchaytirish, tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali bolalar salomatligini muhofaza qilish belgilandi.

Ushbu hujjatga asosan, endilikda bog‘chalarda mas’ul xodimlar ishtirokida ertalabki filtrni tashkil etish, o‘tkir respirator kasallik belgilari aniqlanganda tarbiyalanuvchilarni alohidalash hamda zudlik bilan ota – onasiga va hududiy poliklinikaga xabar berish, bolalarning qo‘llarni tez-tez sovun bilan yuvishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilinishi bo‘yicha doimiy ogohlantirish ishlari olib boriladi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida xonalarni shamollatish, doimiy ravishda dezinfeksiya vositalari yordamida kundalik tozalov ishlarini olish borish, tozalik hamda dezinfeksiya tadbirlarini kuchaytirish, muassasadagi tibbiyot xonalarini zarur tibbiy asbob – uskunalar, zararsizlantiruvchi vositalar hamda dori – darmonlar bilan ta’minlash kabi profilaktik tadbirlarni qat’iy amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu bilan birga, dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlarni o‘tkazmaslik, chet el fuqarolari va xorijda bo‘lgan fuqarolarni maktabgacha ta’lim muassasasiga vaqtincha ishga qabul qilmaslik va ularning farzandlarini esa karantin davri tugamaguncha bog‘chaga olmaslik kabi qat’iy choralarni ko‘rish ham mazkur hujjatda aks etgan.

Shu bilan birga, sanitariya – gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha har bir maktabgacha ta’lim muassasasining rahbari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus bilan bog‘liq epidemiya kun sayin o‘sib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyo miqyosida koronavirus bilan xastalanganlar soni 93 ming nafardan oshgan. Ulardan 80 400 nafardan ziyodi Xitoyda bo‘lsa, qolgan 12 700 nafardan ortig‘i dunyoning 77 ta mamlakatida qayd etilgan. Ayni paytgacha kasallanganlarning 51 ming nafarga yaqini sog‘ayib ketgani ma’lum qilinmoqda.