O‘zbekistonda yana bir ayol hokim paydo bo‘ldi. Andijon viloyatining Bo‘ston tumaniga (sobiq Bo‘z) ayol kishi rahbar etib tayinlandi. Bu haqida “Kun” nashri xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Bugun, 4 mart kuni Andijon viloyati, Bo‘ston tumanida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va prezident maslahatchisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Inomjon Solijonovich Mamadaliyev lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. U tumanga 2018 yil avgustidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

“Kun.uz” muxbiri xabar berishicha, Sadbarxon Ne’matjonova Mamitova tumanning yangi rahbari etib tayinlangan.

Sadbarxon Mamitova 1966 yilda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug‘ilgan, 1982-1986 yillarda Namangan qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan, 1993 yil Toshkent davlat agrar universitetini (sirtqi) tamomlagan.

U turli yillarda Jalaquduq tumanida turli lavozimlarda mehnat qilgan, 2007-2008 yillarda tuman hokimi o‘rinbosari – tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi v.v.b bo‘lgan, 2019 yildan hozirgacha «Yuksalish» umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi rahbari sifatida ishlab kelayotgandi. 2019 yil dekabridagi saylovlarda xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga deputat etib saylangan.