“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati korrupsiyaga hamda davlat tabiiy boyliklarini talon-taroj qilayotganlarga qarshi kurashish uchun Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, Prokuratura, Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqida “O‘zbekneftgaz” AJ xabar bermoqda.

Foto: “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati

Jumladan, Buxorodagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va DXXning Romitan tumani bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda “Uchqir – Kulbeshkak” konidagi gaz quvuri nazorat qilindi.

Tekshiruv vaqtida gaz quvuriga qo‘lbola xomut o‘rnatilib, cho‘l ichkarisidagi selofandan yasalgan hovuzga plastmassa shlangdan kondensat mahsuloti o‘g‘irlangani aniqlangan. Voqea joyidan esa davlat raqami 80 N 853 MA bo‘lgan oq rangli “Niva” avtomashinasi ketib qolgan.

Hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tadbir natijasida 8050 litr kondensat o‘g‘irlangani holati aniqlangan va G‘ijduvon tumani Buqtaroy qishlog‘idan bo‘lgan to‘rt kishi, Qorako‘l tumani Ziyorat QFYda yashovchi uch kishi ushbu o‘g‘irlikda gumon qilinib qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi g-bandi tartibida №062301/2020-9-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tabiiy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan talon-taroj qilinishi holatlarini oldini olish va bu holatga chek qo‘yish maqsadida huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda, keng ko‘lamli tadbirlar davom etishini ma’lum qildi.