Foto: O’zA

Farg‘ona viloyati IIB YHXB YPX inspektori A.Obidov joriy yil 2 mart kuni 4R-112 “Farg‘ona halqasi” avtomobil yo‘lining Oltiariq tumani hududidan o‘tgan 248 kilometrida mobil komplekslar o‘rnatilgan “Nexia-3” rusumli transport vositasida taqsimot asosida xizmat olib borgan. Xizmati davomida haydovchi D.M. “Nexia” rusumli transport vositasida harakatlanib kelib to‘xtagan. Avtomashinadan haydovchi emas yo‘lovchi F.E. tushib kelgan va o‘zining shaxsiy uyali aloqa vositasiga videotasvirga olib, inspektorni yo‘l belgisi o‘rnatilmagan hududda xizmat olib borishda ayblagan. Yo‘lovchi F.E. ushbu videolavhani ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.

Holat o‘rganilganda YPX inspektori 3.24 – “Yuqori tezlik cheklangan” va 5.43 – “Radar” yo‘l belgilari ta’sir doirasida xizmat olib borganligi ma’lum bo‘ldi. YPX inspektorining yo‘lovchi F.E. bilan qilgan muloqoti yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Oltiariq tumani “Poloson” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida fuqaro F.E ga nisbatan to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqildi.

YPX inspektori faoliyatini videotasvirga tushirib, yo‘l belgisini o‘rnatmasdan xizmat olib borganlikda noto‘g‘ri ayblagan va videolavhani ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqaro F.E ga Qo‘shtepa tumani ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 195-moddasiga ko‘ra 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.