Foto: Nasafnews

Tuman hokimligi axborot xizmatining nashrga xabar berishicha, so’zga chiqqanlar o’sha vaqtdagi ikki tomonning ruhiy holati, raislarning o’z vazifasiga mas’uliyatsizligi, hokimning noo’rin qo’pollik qilganligi to’g’risida turli mulohazalar bildirishgan.

Tuman hokimining ishtirokisiz o’tgan muhokama jarayoni yakunlangach komissiya raisi A. Erkayev zalga tuman hokimi B. Rajapovni taklif etdi.

B. Rajapov bo’lib o’tgan noqulay holat va qo’polliklar uchun mahalla raislaridan uzr so’rab, o’sha paytdagi og’ir ruhiy holatiga izoh bergan.

Hokimlikning nashrga qo’shimcha qilishicha, 2020 yil 28 fevral kuni Mirishkor tumani hokimligi binosida tuman hokimi B. Rajapov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig’i O. Badalov, viloyat pochtasi raisi va tumandagi mahalla fuqarolar yig’ini raislari ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tadi. Yig’ilishda tuman hokimi B.Rajapov ba`zi mahalla raislariga tumanining mahalliy byudjetini shakllantirish uchun yig’ilishi kerak bo’lgan soliq tushumi ular rahbarligidagi mahallalarda umuman bo’lmaganligi sababli tanbeh beradi. Bunga javoban ayrim mahalla raislari yig’ilish qatnashchilari va tuman hokimiga nisbatan nopisandlik bilan mahalliy byudjetning shakllanishi uchun mahallalar javobgar emas degan mazmunda qo’rs javob berishadi.

Shunda bu javobdan jahli chiqqan tuman hokimi ba’zi bir mahalla raislariga nisbatan qo’pol so’zlar bilan so’kinadi. Ammo bu holat uzoq davom etmaydi, audioyozuvdagi so’zlar montaj asosida o’zgartirilgan, hokim raislariga nisbatan qo’l ko’tarmagan, deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o’tamiz, sal avval ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov qo‘l ostidagilarni juda qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagani audioyozuvi tarqalgan edi.