Foto: Oliy sud axborot xizmati

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2013 yil 11 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, 2010 yil iyul oyidan 2012 yilning noyabr’ oyiga qadar Navoiy viloyat IIB jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i lavozimda ishlagan A.T. Xatirchi tumani, “A.Navoiy” fermerlar uyushmasi hududidagi S.A.ga tegishli xonadonda X.A. rahbarligidagi jinoiy guruh doimiy ravishda noqonuniy yo‘llar bilan tarkibida oltin zarralari bo‘lgan tog‘ jinslarini qo‘lbola usulda qayta ishlash va oltin ajratib olish yo‘li bilan noqonuniy daromad olishda ifodalangan jinoiy faoliyatini bila turib, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilmagan.

Evaziga 2011 yil aprelda X.A.dan tamagirlik yo‘li bilan S.Sh. orqali 500 AQSh dollarini hamda 2011 yil avgustda X.A.dan 300 AQSh dollarini pora tariqasida olganlikda aybli deb topilgan.

3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Mazkur ish 2020 yil 10 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, ish bo‘yicha pora predmeti bo‘lmagani va aniqlanib olinmagan. A.T.ning pora olganligi ish holatlari bilan tasdiqlanmagani va uning JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan pora olish jinoyatini sodir etganligi sud majlisida o‘z isbotini topmaganligi sababli, JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan A.T. aybsiz deb topilib, oqlandi.