Foto: Google

Toshkentda qishki sport turlari uchun zamonaviy muz saroyi quriladi. Saroyda qishki sport turlari (figurali uchish, short-trek, kyorling va boshqa sport turlari) boʻyicha musobaqalar oʻtkazish moʻljallangan.

“Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining:

a) Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Beruniy shoh koʻchasi, 41-uy manzilida joylashgan “Oʻzkoʻrgazmasavdo” MCHJ, “Alpomish savdo qatorlari” MCHJ va “Oʻzcharmsanoati” uyushmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli boʻlgan bino va inshootlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish;

b) “Oʻzkoʻrgazmasavdo” MCHJning tegishli mol-mulklari va boshqa vositalari, shuningdek, debitorlik va kreditorlik qarzlari bilan birgalikda (koʻchmas mulk obʼyektlari bundan mustasno), “Oʻzagroeksport” AJga qoʻshish hamda “Oʻzagroeksport” AJ ustav kapitalidagi (ustav fondidagi) davlat ulushini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazilayotgan koʻchmas mulk obʼyektlarining qoldiq (balans) qiymatiga kamaytirish;

v) bino va inshootlar joylashgan hududda qishki sport turlari (figurali uchish, short-trek, kyorling va boshqa sport turlari) boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, koʻrgazma hamda forumlar tashkil etishga moʻljallangan zamonaviy muz saroyi hamda savdo, xizmat koʻrsatish va taʼlim muassasalari obʼyektlari majmuasini barpo etish loyihasini (investitsiya loyihasi) amalga oshirish uchun “nol” xarid qiymatida “New Universal Development” MCHJga (investor) toʻgʻridan-toʻgʻri sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin”, – deyilgan hujjatda.

Investor bino va inshootlar negizida va unga tutash hududlarda qishki sport turlari (figurali uchish, short-trek, kyorling va boshqa sport turlari) boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, koʻrgazma hamda forumlar tashkil etishga moʻljallangan zamonaviy muz saroyi hamda savdo, xizmat koʻrsatish va taʼlim muassasalari obʼyektlari majmuasini barpo etib, toʻliq ishga tushirish uchun kamida 100,0 mlrd. soʻm miqdorida investitsiya kiritish; kamida 120 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish majburiyatlarni bajarishni oʻz zimmasiga olishi qayd etilgan.

Loyihada aytilishicha, qishki sport turlari (figurali uchish, short-trek, kyorling va boshqa) boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, koʻrgazmalar hamda forumlar tashkil etishga moʻljallangan zamonaviy muz saroyini tashkil qilish 2020 yil 1 sentyabrga qadar yakunlanadi.