Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

2020 yilning 11 yanvar kuni Farg‘ona tumanidagi 22 – umumta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari I.Umarov maktabning yuqori sinf o‘quvchilarini harbiy poligonda bo‘lib o‘tayotgan “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etish uchun olib borayotgan vaqtda “Oq – bilol” qishlog‘i hududida avtomobillar harakatini nazorat qilgan YPX inspektori I.Odilov “ISUZI” avtobusini to‘xtatib, tadbir sababli yo‘l yopilganligini ta’kidlagan.

Shunda I.Umarov: “Menda ruxsatnoma bor, o‘tishim kerak” deb ruxsatnomani ko‘rsatgan, lekin YPX inspektori o‘qituvchini haqorat qilib, kamsitib, huquqlarini buzgan.

Ichki ishlar tizimi, jumladan, Yo‘l patrul xizmati xodimlariga hurmatimiz yuqori bo‘lsa ham, Vazirning Nazorat – huquqiy Xizmati tomonidan tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning sha’ni, qadr – qimmati va huquqlarini himoya qilish maqsadida Farg‘ona tuman prokuraturasiga murojaat etilib, ijtimoiy tarmoqlardagi holat va o‘qituvchi I.Umarovning arizasi yuzasidan tekshirish o‘tkazildi.

Natijada noqonuniy harakatlar sodir etgan IIB YHXB YPX 1 – otryad 3 – safarbarlik guruhi yo‘l – patrul xizmati inspektori safdor I.Odilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, har qanday noqonuniy harakatlar uchun jazo muqarrar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimida boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlashda, Vazirning nazorat huquqiy Xizmati xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning sha’ni, qadr – qimmati va huquqlarini himoya qilib, ularni huquqlarini buzilishi yoki poymol bo‘lishini oqibatsiz qoldirmaydi.