Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.S. (ayol) 13-18 iyul kunlari Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi kardiologiya bo‘limida davolangan. Bu haqda Sog’liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda.

Foto: SSV axborot xizmati

18-iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va bemor Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha, unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, zo‘riqish stenokardiyasi, terminal o‘pka va bosh miya shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishidan (insult) so‘nggi holat, yurak ishemik kasalligi, miokard infarktidan so‘nggi kardioskleroz, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Ammo bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichi pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, terminal o‘pka shishi hamda bosh miya shishidan vafot etgan.