Diplomatlar oʼzbekistonlik homilador ayolga Аfrikadan vatanga qaytishga yordam berdi. Bu haqda “Russian Emirates” jurnalida maqola chop etildi.

Foto: Sputnik

Materialda Oʼzbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida homilador oʼzbekistonlik ayolning Аfrikadan uyga qaytishiga qanday yordam berilgani haqida hikoya qilingan.

Nashrning maʼlum qilishicha, Oʼzbekiston fuqarosi Olesya K. 2020-yil fevral oyida Ugandaga sayyohlik maqsadida borgan. Аmmo u koronavirus tarqalishi munosabati bilan mart oyida cheklovlar joriy etilgani va xalqaro aviareyslarning bekor qilingani sababli ushbu mamlakatda qolib ketgan.

Аyol 21-iyun kuni Oʼzbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga vatanga qaytishga yordam berishni soʼrab, murojaat qilgan. Ugandadan Toshkentga repatriatsiya reysini tashkil etishning iloji boʼlmagan, Dubay ham sayyohlarni qabul qilmayotgan edi.

Oʼzbekistonning Ugandada diplomatik vakolatxonasi yoʼqligi sababli oʼzbekistonlik diplomatlar Rossiyaning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga yordam soʼrab murojaat qilgan. Rossiyalik diplomatlar, oʼz navbatida, Rossiyaning Ugandadagi elchixonasi xodimlari bilan bogʼlanishga koʼmak bergan.

Mavzuga doir:
Vladivostokdan Toshkentga joriy haftadagi ikkinchi charter reys uchib ketdi
Xorijdagi talabalarni Vatanga qaytarish choralari ko’rilmoqda
Isroildan charter reys bilan qaytayotganlar karantinni uyda o‘tashlari mumkin

Buning natijasida Olesya K. shu yilning 18-iyul kuni Ugandadan Moskvaga tashkil qilingan charter reys yoʼlovchilari roʼyxatiga kiritilgan. Oʼz navbatida, Oʼzbekistonning Moskvadagi elchixonasi Olesyaga 20-iyul kuni Moskvadan Toshkentga charter reys bilan uchib ketishga koʼmaklashgan.

“Russian Emirates” nashri Oʼzbekiston oʼz fuqarolarini BAAdan vatanga qaytarish dasturini amalga oshirishni davom ettirayotganini maʼlum qilgan. Xususan, 22-iyul holatiga koʼra, respublikaning 2,2 mingdan ortiq fuqarosi diplomatlar koʼmagi bilan vatanga qaytarilgan.