Kecha, 24-iyul kuni Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan, buning ortidan hokimlik axborot xizmati raddiya berib, Bobolovning ahvoli yaxshi ekanini aytib bayonot bergandi.

Foto: Skrinshot

Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan va bu mish-mish “Haqiqatchi blogerlar” Telegram-kanalida tarqatilgani aniqlangan.

Maʼlum bo‘lishicha, kanalni Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limining shifokor-kardiologi D.O. yuritib keladi. 49 yoshli ayol Sariosiyoning Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada davolovchi shifokor sifatida ham faoliyat yuritadi.

Tekshirish davomida fuqaro D.O. ushbu xabarni viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganini maʼlum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Begona ayol o‘z telefon raqamidan 24-iyul kuni soat 08:00 larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go‘yo Surxondaryo viloyati hokimi vafot etgani haqida bildirgan.

Shu paytning o‘zida D.O. o‘zining “Redmi NOTE 9” rusumli telefon apparatida ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab, Facebook va Telegram‘dagi sahifalariga joylashtirgan.

Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 24.07.2020 yilda MJtKning 40-(tuhmat) va 46-moddasi (fuqaroga maʼnaviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan maʼlumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani maʼmuriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.O. ga nisbatan BHMning 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan “Redmi NOTE 9” rusumli uyali qo‘l telefoni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilingan.

Mavzuga doir:
Xorazmda yer olib berishni vada qilgan hokimlik vakili $8000 bilan ushlandi
Kitob tumani SEOM boshlig‘i pora bilan ushlandi
Navoiyda “krokodil” iste’molchilari ushlandi

Tekshiruvlar davom ettirilib, D.O. ga qo‘ng‘iroq qilib yolg‘on maʼlumot taqdim etgan nomaʼlum ayol – Termiz shahar SEOM xodimi G.R. ekani aniqlandi. G.R. o‘z tushuntirishida D.O. ga mazkur yolg‘on xabarni aytganini bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan G.R. ga nisbatan MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib tegishli sud organiga yuborilgan.