Xitoy diplomatlari Amerika hukumati talabi bilan yopilgan Xyustondagi bosh konsullikni tark etishdi, deb xabar qilmoqda “Houston Chronicle” nashri.

Foto: Sputnik

Nashrning yozishicha, dipmissiya xodimlari binoni mahalliy vaqt bilan 16:00 da (Toshkent vaqti bilan 02:00) boʻshatib berishlari kerak edi. Shu vaqtga yaqin politsiya bino yaqinidagi hududni yopgan, oradan bir muncha vaqt oʻtgach, bosh konsullik tomondan uchta furgon joʻnab ketgan, ularning ikkitasi diplomatik raqamlarga ega boʻlgan.

Nashr xabariga ko’ra, soat taxminan 16:40 larda binoga orqa eshikdan bir necha kishi kirgan, ular orasida Davlat departamenti vakili ham boʻlgan.

Sal oldin Reuters agentligi, Amerika amaldorlari ekanligi taxmin qilinayotgan odamlar bosh konsullikning orqa eshigini kuch bilan yopishga urinishgani haqida xabar bergan.

Yigirma ikkinchi iyul kuni Qoʻshma Shtatlar Xyustondagi Xitoy bosh konsulligini yopdi. AQShga koʻra, bu intellektual mulk va amerikaliklarning shaxsiy maʼlumotlari muhofazasini taʼminlash zarurati tufayli amalga oshirilgan.

O’z o’rnida Pekin bu holatni siyosiy fitna deb atab, javoban “qatʼiy qadamlar” bilan chora koʻrishga vaʼda berdi.

Birinchi qadam Sichuan provinsiyasi Chendu shahridagi Amerika bosh konsulligini yopish talabi boʻldi. Xitoy TIV yuzaga kelgan vaziyatda javobgarlik Vashington zimmasida ekanligini qayd etdi.