“Qaplanbek” bojxona postida noqonuniy yuklar ushlandi. Deklaratsiyalanmagan mahsulotlarning umumiy qiymati 2 mln. tenge (tax.-$4800)dan oshadi, deb xabar berdi Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasining matbuot xizmati.

Foto: Google

Tekshiruv paytida O‘zbekistondan Qozog‘istonga kelgan avtomashinadan Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti xodimlari deklaratsiyalanmagan mahsulotlarni topgan.

“Qozog‘iston fuqarosi “Preparat AKARA BIO” (akaritsid) preparati bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan. Unda 4 litrli 50 ta qadoq preparat bor edi. Noqonuniy tovarning umumiy qiymati 1 mln 454 ming 545 tengeni tashkil etadi”, – deyiladi xabarda.

Bir necha kun oldin, ushbu bojxona postidan boshqa bir Qozog‘iston fuqarosi deklaratsiyalanmagan tamaki mahsulotlarini olib o‘tishga uringanda to‘xtatilgan. O‘zbekistonga o’tishga uringan uning avtomashinasidan bojxona ko‘rigida 600 dona “Heets” tamaki stiklari topilgan. Aniqlanishicha, fuqaro noqonuniy tovarni Rossiya Federatsiyasidan olib kelgan.

Ushbu fakt bo‘yicha barcha materiallar qo‘shimcha tergov uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.