Insoniyat tarixi davomida urushlar, vabo-o‘latlar, ocharchilik millionlab kishilarning yostig‘ini quritgan. Har safar balo-ofatlar chekinishi bilan tug‘ilishlar soni keskin oshgan.

Foto: Google

Biroq koronavirus bu tendensiyani buzishi mumkin — “Science” jurnalidagi ilmiy maqola shu haqda.

“Aniq prognozlash juda qiyin, shunga qaramasdan, yuqori taraqqiy etgan mamlakatlar yaqin istiqbolda shu ssenariy bo‘yicha ketishi ehtimoli bor”, — dedi ilmiy ish mualliflaridan biri, ijtimoiy-siyosiy fanlar mutaxassisi Arnsteyn Aassve.

Taraqqiy etgan mamlakatlarda oilaviy hayotni tashkil etishning buzilishi hamda iqtisodiy muammolar “bola tug‘ilishi” bo‘yicha rejaning kechiktirilishiga olib keladi.

Tug‘ilishning kamayishi, o‘z-o‘zidan, aholi sonining qisqarishi va keksayishi jarayonini tezlatib yuboradiki, bu davlat siyosatida og‘ir muammolarni dunyoga keltiradi.

Aholi jon boshiga daromadlar past va o‘rtacha mamlakatlarda ham COVID-19 pandemiyasi tug‘ilishning kamayishiga olib keluvchi  tendensiyalarni kuchaytirib yuborishi mumkin.

Bu tendensiyalar — iqtisodiy rivojlanish, shaharlashish jarayonlari, ishlovchi ayollarning ko‘payayotgani. Maqola mualliflari pandemiya ortidan ko‘tarilgan iqtisodiy muammolar bu tendensiyalarga deyarli ta’sirini o‘tkaza olmaydi degan fikrdalar.

Bu xulosalar ilgaritdan shakllangan — pandemiyalar doim ortidan bemi-bum (tug‘ilishlar ko‘payishi)ni boshlab keladi degan tushunchaning mutlaqo aksidir.

Qanday tushunish mumkin?

Mualliflarda bunga javob tayyor: tarixda pandemiyalar ortidan tug‘ilishlar ko‘payishiga oilalarning yo‘qotgan farzandlari o‘rnini to‘ldirishga intilishi, alal-oqibat, avlodini davom ettirish istagi sabab bo‘lgan.

Aksariyat pandemiyalardan farqli o‘laroq, (mualliflar maqolada 1918-1919-yillardagi “ispanka” pandemiyasini misol keltirishgan) COVID-19 keksalar uchun ko‘proq xavfli. Bolalar va reproduktiv yoshdagilar o‘rtasida kasallik oqibatida o‘limlar soni nisbatan ozligi, o‘z-o‘zidan, yaqin istiqbolda tug‘ilishlar sonini ko‘paytirmaydi va “demografik portlash”ga sabab bo‘lmaydi, deyishmoqda tadqiqotchilar.