Yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash jarayonini tashkil qilishda yetakchi mamlakatlarning tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Foto: SSV axborot xizmati

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida erishilgan kelishuvlarga asosan yurtimizdagi COVID-19’ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurdilar. Bu haqda Sog’liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Ular orasida Turkiyaning Medipol universiteti ilmiy kengashi a’zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rejep Oztyurk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a’zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatitse Raxmet Gyuner bor.

Bugun yurtimiz Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov konsultantlarni qabul qildi va mamlakatimizda COVID-19’ga qarshi olib borilayotgan choralar haqida batafsil gapirib bergan.

Uchrashuv ishtirokchilari yangi koronavirus infeksiyasini profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qilishdi.

Ta’kidlanishcha, tadbirda sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tafsilotlari ham muhokama qilingan.

Turkiya mutaxassislari bilan sog‘liqni saqlash sohasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bunda ta’lim sohasidan tortib, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi tajriba almashuv, murakkab jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o‘tkazish, tibbiy jihozlar bilan ta’minlashgacha yo‘nalishlar qamrab olingan.

Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda COVID-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o‘ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog‘aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qildilar.

Reanimatsiya bo‘limlarida o‘ta og‘ir bemorlarni davolashning so‘nggi usullariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytilgan.

Shuningdek, Turkiya Respublikasining COVID-19’ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasiga chalingan ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiyalar muntazam tashkil etilmoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytda Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo‘lmish professor Verner Ber ham mamlakatimizdagi COVID-19’ga qarshi kurash markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida bo‘lib turibdi.

Mavzuga doir:
SSV: Tibbiyot xodimlari ishga qabul qilinadi
“Coca-Cola” O’zbekiston SSVga 200 ming dollar o’tkazib berdi
O’zbekiston olimlari yaratgan koronavirusga qarshi dori SSVga topshirildi

U mamlakatimizning turli hududlarida ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilmoqda.