Foto: Sputnik

“Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur bayramga tayyorgarlik jarayonida o’qituvchilar, maktab ma’muriyati va o’quvchi qizlarni bayram bilan tabriklash maqsadida pul yig’imlarini tashkil qilinayotgani haqida xabarlar tarqatildi. Bu holat ayrim ota – onalarning noroziligini keltirib chiqarmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi 8 mart – Xalqaro xotin – qizlar kuni munosabati bilan o’qituvchilar, maktab ma’muriyati va o’quvchi qizlarni tabriklashni pul yig’imlarisiz ham tashkil etish mumkinligini eslatadi. Jumladan, o’quvchining o’zi yozgan tabrik so’zi yoki o’z qo’li bilan yasagan biror kichik buyum ham eng yaxshi sovg’a bo`lishi mumkin.

Xotin – qizlarni tabriklash natijasida ota – onalar noroziligi kelib chiqishi kerak emas. Agarda kimning imkoniyati bo’lmasa, boshqa faol ota – onalar tomonidan majburlash yoki ular nomidan umumiy sovg’a qilish bahonasida majburiy pul yig’ish noto’g’ri. 

Xalq ta’limi vazirligi yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda ota – onalar noroziligi bilan undiriladigan barcha yig’im turlariga chek qo’yish kerakligini eslatib o’tadi.

Xotin – qizlarni xursand qilmoqchi bo’lsak, bayramni haqiqiy ko’tarinki ruhda nishonlaylik va hech kimni norozi bo’lishiga yo’l qo’ymaylik”,  deyiladi Vazirlik Axborot xizmati xabarida