2019-yilning 20-sentabrida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Energetika Investitsion forumi doirasida, Energetika vazirligi va “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi o‘rtasida quvvati 500 MVtdan 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Foto: Google

Shundan kelib chiqgan holda, joriy yilning 5-mart kuni Energetika vazirligi va “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida umumiy quvvati 500 – 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish kelishuvi imzolandi.

Ushbu kelishuvlarga asosan, mutaxassislar tomonidan Respublika bo‘ylab bir qancha yer maydonlari har tomonlama o‘rganib chiqildi va Buxoro hamda Navoiy viloyatlarining Peshku, G‘ijduvon va Konimex tumanlari umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyalarini qurish uchun tanlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollari deb baholanmoqda va u 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qilish orqali barpo etiladi.

Loyiha doirasida investor bilan elektr energiyasini sotib olish va investitsiya shartnomalari imzolanadi va natijada 25-30 yil davomida Respublikamizni yashil energiya manbalari orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiya bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Hozirda tanlangan yer maydonlarida shamol ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, ular tomonidan shamol o‘lchash uskunalari (machtalar) o‘rnatilmoqda.

Mavzuga doir:
Navoiyda dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyalaridan biri quriladi
O’zbekistonda shamol elektr stansiyasi qurilishi uchun birinchi tender boshlandi

Ushbu uskunalar 100 metr balandlikda bo‘lib, shamolning tezligi, yo‘nalishi, davomiyligi va bundan tashqari ob-havo ma’lumotlarni o‘lchaydi va saqlab boradi, deyiladi Energetika vazirligi axborot xizmati xabarida.