“Taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega bo‘lgan kontraktlar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmini joriy etish to‘g‘risida” Hukumat qarori (448-son, 21.07.2020 y.) qabul qilindi.

Foto: Energetika vazirligi axborot xizmati

Qarorga muvofiq, uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish nazarda tutilgan konlar ro‘yxati yer qa’ridan foydalanuvchilarning takliflari asosida Energetika vazirligi tomonidan muntazam ravishda shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi.

Kontraktlar bir yoki bir necha konlar bo‘yicha 10 yilgacha bo‘lgan muddatga, yer qa’ridan foydalanuvchi hamda pudratchining o‘zaro kelishuviga ko‘ra qo‘shimcha 5 yilgacha uzaytirish imkoniyati bilan tuzilishi mumkin.

Yer qa’ridan foydalanuvchi pudratchini tanlash bo‘yicha tanlov savdolarini o‘tkazishda korporativ buyurtmachi vazifasini bajaradi.

Tanlov savdolari har bir alohida kon bo‘yicha e’lon qilinadi.

Tanlov savdolari g‘olibi – pudratchi 100 foiz ulushli ishtiroki bo‘lgan sho‘’ba yuridik shaxsni tashkil qilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi shart (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxslar – rezidentlar bundan mustasno).

Yer qa’ridan foydalanuvchi pudratchi bilan tanlov savdolarining natijalariga ko‘ra kontrakt tuzadi.

Mavzuga doir:
Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
Kosmik tadqiqotlar agentligi direktor o’rinbosari tayinlandi
“O‘zkimyosanoat” AJning 12 ta aktivi auksion savdolariga qo‘yiladi

Qaror bilan shuningdek, kontraktga qo‘yiladigan minimal talablar belgilandi.

Taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega bo‘lgan kontraktlar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmi:

  • ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 va undan ortiq foizni tashkil qiladigan davlat korxonalari va yuridik shaxslarga;
  • davlat ulushi 50 hamda undan ortiq foizni tashkil qiladigan yuridik shaxsga ustav fondining (kapitalining) 50 va undan ortiq foizi tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.