Foto: Darakchi

Hujjat loyihasiga ko’ra, mazkur nodavlat oliy ta’lim muassasasi respublika iqtisodiyot tarmoqlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash imkoniyatlarini oshirish hamda ta’lim tizimiga jahonning ilg’or standartlari hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish uchun zarur bo’lgan oliy ma’lumotli pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash, rivojlangan mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Oliy ta’lim sifatiga qo’yiladigan umumiy e’tirof etilgan xalqaro talablarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari uchun talab yuqori bo’lgan mutaxassisliklarning bakalavriat va magistratura yo’nalishlari bo’yicha yuqori malakali mutaxassislar hamda ta’lim tizimi uchun zamonaviy pedagog va boshqaruv kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash Universitetning asosiy vazifalari deb hisoblanadi.

Universitetni ta’sis etishda Xalq ta’limi vazirligi investisiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokaralar olib borish va tizimdagi foydalanmayotgan binolarni ajratish bo’yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Bunda, potensial investorga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:

o’z mablag’lari hisobidan Universitetning faoliyatini moliyalashtirish, obyektlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish;

Universitetga berilayotgan obyektda ta’lim xizmatlari ko’rsatish yuzasidan faoliyatni amalga oshirish;

Universitet tomonidan belgilangan kvota doirasida Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga ko’ra “The Times Higher Education World University Rankings” reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari dasturlari asosida imtiyozli grantlar ajratish yo’li bilan tegishli yo’nalishlar bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiradi.

Loyihaga ko’ra, universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, o’z mustaqil balansiga ega bo`ladi, o’z ixtiyoridagi mablag’lar va mol-mulk bilan o’z majburiyatlari bo’yicha javob beradi;

Universitetga o’quv-metodik rahbarlikni ta’minlash, faoliyati va o’quv jarayonini tashkil etish va yuritish, o’quv adabiyotlari bilan ta’minlash, shuningdek abiturientlarni o’qishga qabul imtihonlarini o’tkazish va chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni yollash uchun xorijiy hamkor sifatida “The Times Higher Education World University Rankings” reytingidagi dunyoning 1000 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini belgilash va universitet bazasida ularning filiallarini ochish huquqi beriladi;

Universitetda o’qitish O’zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini inobatga olgan holda, Universitet va uning xorijiy hamkori tomonidan tasdiqlanadigan o’quv rejalari va dasturlariga muvofiq to’lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

Universitetda kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki va maxsus sirtqi yo’nalishlari bo’yicha amalga oshiriladi;

Universitet bakalavr va magistratura bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining O`zbekiston Respublikasida oliy ta`lim to’g’risidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi diplom beriladi;

Bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari Universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi;

Universitetning magistratura ta’lim bosqichi bitiruvchilari O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbarlari nomenklaturasiga kiritiladi;

Universitetning magistratura dasturida o’qishni muvaffaqiyatli tamomlagan va xalq ta’limi tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar uchun 5 yil muddatga oylik ish haqining 50 foiz bo’lgan miqdorida ustama belgilanadi (boshqa belgilangan qo`shimcha to`lovlar va nafaqalardan qat’iy nazar);

Umumta’lim muassasalarida faoliyatini boshlagan Universitetning bakalavr bosqichi bitiruvchilariga to’g’ridan-to’g’ri ikkinchi malaka toifasi, magistratura bitiruvchilariga birinchi malaka toifasi beriladi.

Loyihaga ko’ra, 2023 yil 30 dekabrga qadar:

Universitet barcha turdagi soliqlar to’lashdan;

Universitet O`zbekiston Respublikasidagi faoliyatidan ham doimiy muassasa orqali, ham to’lov manbaidan olingan daromadlar bo’yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’idan;

Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro’yxatlar bo’yicha potensial investor tomonidan olib kelinadigan, O’zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventarlar bojxona to`lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig’imlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Qaror loyihasi muhokama muddati 16 martga qadar belgilangan.