Rigadagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magi bilan Latviyaning “ELBI” kompaniyasi Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi fermerlar yetishtirgan qovunlarni Latviya bozoriga yetkazib berishni boshladi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati

Latviyaning “ELBI” kompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, meva va sabzavotlarni Yevropa bozoriga import qiluvchilar qatorida yetakchilardan biri hisoblanadi. Xususan, kompaniya mahsulotlarni Riga va Latviyaning boshqa mintaqalari, shuningdek, Estoniya va Litva davlatlaridagi do‘konlar, supermarketlarga yetkazib beradi. Ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda Yevropa ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, Argentina, Janubiy Afrika, Chili, Misr va boshqa mamlakatlar mahsulotlarini ham import qiladi.

Bu gal Sirdaryo qovunlari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozoriga ishonchli yetkazib beruvchi “Red Pack” kompaniyasi tomonidan eksport qilindi.

Elchixonaning importyor kompaniya maʼlumotiga asoslanib xabar berishicha, qovunlar “Maxima” va “RIMI” singari Boltiqbo‘yining yirik chakana savdo do‘konlarida, shuningdek, Riga markaziy bozorida sotiladi.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari importchilari O‘zbekistondan keng turdagi mahsulot turlarini uzluksiz yetkazib berilishi va koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatga qaramasdan O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining yangi bozorlarni kashf qilishga bo‘lgan intilishini yuqori baholashmoqda.

“ELBI” boshqaruvi raisi Sergey Kulikov taʼkidlaganidek, uning kompaniyasi haftasiga qovun importini 200-300 tonnagacha oshirish niyatida.

Mavzuga doir:
Mirzaobod tumani qovunlari Riga bozorlariga chiqarilmoqda
Qashqadaryoda qovun eksporti boshlandi
Mirishkor tumanida qovun pishdi

O‘zbekistonning Rigadagi diplomatik vakolatxonasi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada o‘sganini, O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari jadal o‘sayotganini, aloqalarni yana-da institutsional tarzda tashkil qilish faol rivojlanayotganini qayd etdi.

Xususan, yaqin kelajakda O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi va Latviya tomonidan Ish beruvchilar konfederatsiyasi ishtirokida O‘zbekiston-Latviya ishbilarmon doiralar hamkorlik kengashini ishga tushirish rejalashtirilgan.