Foto: Sputnik

Firibgarlar vafot etgan 142 nafar fuqarolarning nomidan oʻzlari imzo qoʻyib, sakson besh million soʻmdan ortiq pensiya pullarini oʻzlashtirishgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman boʻlimi oʻtkazgan tergovga qadar tekshiruvga koʻra, tuman pensiya jamgʻarmasi boʻlimi bosh inspektori SH.M., “Xalq banki” filiali sayyor kassa kassiri U.X. va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, har oyda pensiya pullari tarqatish uchun tuziladigan toʻlov qaydnomalariga vafot etganligi kiritilgan fuqarolarning pensiya pullarini davlat foydasiga qaytarmay kelishgan.

“Toʻlov qaydnomalariga vafot etgan 142 nafar fuqarolarning nomidan oʻzlari imzo qoʻyishib, 85,8 mln. soʻm pensiya pullarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishganliklari aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan SH.M., U.X. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.