Foto: SSV matbuot xizmati

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya – epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassislari bilan birga, tegishli vazirlik va idora mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishmoqda.

Anjumanda, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID – 19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida 53 ta sanitariya – karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya – epidemiologiya xizmati mas’ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test – sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zahirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya – epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Lekin bu xotirjam bo‘lishga asos bo‘la olmaydi, deyildi matbuot anjumanida. Shuning uchun ham kecha dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligida, so‘ng Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida “Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi”ning navbatdagi yig‘ilishida ham bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarida tashkil qilingan sanitariya – karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy – patronaj xizmatini yanada yaxshilash, maktabgacha ta’lim, o‘rta maktab, oliy o‘quv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga rioya qilish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to‘liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar yana bir bor qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanganda, ularning barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga, shuningdek, kasallik tarqalishining oldini olish va izolyasiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori bo‘lgan bemorlarga uyida tibbiy yordam ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlab o‘tildi.

Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari aholini koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyatdan xavotirga tushmasdan, ogoh bo‘lishlarini, jumladan, shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilishlari lozimligini ta’kidlab o‘tishdi, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.