Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent mexanika zavodining ulkan hududi va binolaridan samarali foydalanish maqsadida Texnopark tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 28 iyunda bu yerga kelib, loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.

Texnoparkda 2020 – 2021 yillarda umumiy qiymati 393 million dollardan ziyod bo‘lgan 15 ta korxonani ishga tushirish mo‘ljallangan. Ularda kir yuvish mashinalari, oshxona plitalari, sovutkich va muzlatkichlar, sanoat kondisionerlari, lift va eskalatorlar, elektr texnikasi mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Bu yerda zarur muhandislik – kommunikasiya tarmoqlari mavjud. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida logistika markazi tashkil etiladi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi 35 – 40 foiz bo‘ladi. Shuningdek, yiliga 186 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz Texnopark hududida ishga tushirilgan ilk loyiha – elektron gaz hisoblagichlar korxonasi faoliyati bilan tanishdi, mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

50 million dollar investitsiya hisobiga tashkil etilgan korxonada yiliga 3 million dona elektron gaz hisoblagichlar tayyorlanadi. Bu “aqlli” hisoblagichlarga sim – karta o‘rnatilgan bo‘lib, ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi ma’lumotni onlayn rejimda markaziy serverga uzatadi. Shu tariqa hisoblashda billing tizimi joriy etiladi va inson omili qisqaradi.

Ushbu hisoblagichlar xavfsizlik jihatidan ham qulay. Ularga o‘rnatilgan me’yor uskunasi ortiqcha gaz bosimini pasaytirib, bir xilda yetkazib beradi. Bu orqali aholi xonadonlari va inshootlarda yong‘in yoki boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldi olinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 3,5 million dona elektron gaz hisoblagichga ehtiyoj mavjud. Korxona ushbu ehtiyojni bir yilda qoplab, kelgusi yildan 7,7 million dollarlik mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Buning uchun korxona hamkori Italiyaning “Petro Fiorentini” kompaniyasi bilan tegishli shartnoma tuzilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faqat sotish bilan cheklanib qolmay, hisoblagichlarni o‘rnatishdan tortib xizmat ko‘rsatishgacha mas’ul bo‘lishi, ekspluatasiyaga javob berishi kerakligini ta’kidladi.

– Har bir ishlab chiqarishga kirishishdan oldin standartni o‘ylash kerak. Malakali servis uchun ham, eksport uchun ham standart zarur. Afsuski, biz bu sohada dunyodan ancha ortda qoldik. Joylarda standart kafolatini ta’minlaydigan kadrlar juda kam. Shuning uchun mana shunday sanoat korxonalarining o‘zida servis bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kerak, dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Korxonaning servis markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari Texnoparkda amalga oshirilayotgan galdagi loyihalar, ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan sanoat mahsulotlari bilan ham tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati