Foto: Xalq so’zi

Unda badiiy taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan ishlar, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali qabul qilish amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi.

“Badiiy taʼlim yoʻnalishida yana bir muhim qadamlardan biri — tasviriy va amaliy sanʼat sohasida oliy maʼlumotga ega boʻlmagan, lekin oʻzining noyob isteʼdodi va mahorati bilan tanilib, xalq eʼtirofiga sazovor boʻlgan xalq rassomlari, Badiiy akademiyaning akademiklari, “Oʻzbekiston xalq ustasi” va soha boʻyicha boshqa davlat mukofotlari va sharafli unvonlariga sazovor boʻlgan mutaxassislar istisno tariqasida oliy oʻquv yurtlarida dars berish huquqiga ega boʻldi”, — dedi Akademiya Bosh ilmiy kotibi Feruza Obidjonova.

Taʼkidlanishicha, badiiy taʼlim doirasida bir qancha qoʻshma dasturlar amalga oshirilgan, xususan, Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Chanapatana Xalqaro dizayn instituti, Janubiy Koreyaning Kemyong universiteti bilan hamkorlikda “Dizayn libos va gazlamalar” va “Interyerni loyihalash” yoʻnalishlarida qoʻshma fakultetlar ochilgan.

Mutasaddilar hozirda Badiiy akademiya tizimida jami 16 ta taʼlim muassasasi — 1 ta institut, 4 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi hamda 11 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati mavjud ekanini bildirdi.

Jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar bilan ilgʻor tajribalar almashish maqsadida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori muhim asos yaratib bergani alohida qayd etildi.