Janubiy Koreyada koronavirus tarqalishining yangi o‘choqlari mamlakatga olib kirilgan GH shtammini yuqtirish tufayli kelib chiqdi. Bu haqda Koreya kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari (KCDC) ma’lum qildi.

Foto: TASS

“Rambler”ning yozishicha, 2019-yilning oxirida Xitoyning Uxan shahrida yangi koronavirus aniqlandi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha kasallanganlar soni 11,4 million kishidan oshib ketgan.

KCDC ma’lumotiga ko‘ra, COVID-19 yettita shtammni o‘z ichiga oladi: S, V, L, G, GH, GR va O (boshqalar). Janubiy Koreyada dastlab Xitoydan kirib kelgan S shtammi tarqalgandi. Keyinchalik u V shtammiga aylandi.

Biroq aprel-may oylarida mamlakatga yana-da tajovuzkor va yana-da yuqumliroq GH shtammi kirib keldi. U Yevropa, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerikada paydo bo‘lgandi.

“U hujayralarda S shtammiga qaraganda tezroq ko‘payadi va odam hujayralariga yaxshiroq yopishib oladi. Bu kasallik yuqishining kuchayganligini anglatadi”, — deb izohladi KCDC rahbari Chon In Gyon.

U, shuningdek, oxirgi paytlarda Janubiy Koreyada mahalliy va tashqi COVID-19 holatlari nisbati o‘zgarganligini ta’kidladi. Har kuni aniqlanayotgan koronavirus holatlarining yarmi mamlakatga chetdan kirib kelyapti, dedi KCDC rahbari.

Avvalroq, AQSh olimlari koronavirusning ko’proq yuqishga moyil shtammini topishgani haqdi xabar qilgan edik.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 11,5 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 537 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.