Ayub Shahobiddinov suratga olgan “Rangsiz tushlar” dramasi “XVI Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivali” va Yerevanning “Fresco” maʼnaviy-axloqiy filmlar xalqaro kinofestivalining asosiy tanlov dasturlariga kiritildi. Bu haqda “Oʻzbekkino” matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Foto: “O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati

Ayub Shahobiddinov. 2013-yilda “Parizod” filmi bilan Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivalining asosiy tanlovida ishtirok etgani va kinofestival undada yaxshi taassurotlarni qoldirganini taʼkidlagan.

“Fresco” kinofestivali esa men uchun yangi tajriba. Pandemiya tufayli koʻplab kinofestivallar bekor qilindi, ammo Yerevan kinofestivali toʻliq tashkil etilayotgan boʻlib, tomoshabinlar yozgi kinoteatrlar ekranlarida filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega boʻladilar”, – dedi rejissyor.

“Rangsiz tushlar” filmida inson oʻz “men”ini har qanday sharoitda: qamoqxona devorlarida, jamiyatda yoki oilada oʻzgartirishining bir necha muhim jihatlari ilgari surilgan.

Koʻp yillik qamoqdan soʻng oʻz qadrdon goʻshasiga qaytgan film bosh qahramoni Kashmira asta-sekin oilasida, jamiyatda oʻz oʻrnini topish huquqiga ega ekanligini isbotlashi kerak edi. Bunda u faqat qatʼiyat va iroda tufayli kuchli shaxsga aylanishi mumkinligi anglab yetadi. Filmda jamiyatda jazo muddatini oʻtab kelgan shaxslarga nisbatan nooʻrin munosabatning shakllanishi, “odamlar nima deydi” kabi qarashlar ortidan paydo boʻladigan ijtimoiy muammolar koʻtarilgan.

Filmda bosh qahramon rolini Feruza Saidova ijro etgan. Shuningdek, kinoasarda Karim Mirhodiyev, Shohida Ismoilova, Bekzod Abdumuhitov va Anvar Nazarovlar suratga tushgan. Ssenariy muallifi  Umid Hamdamov

Qozon musulmon kinofilmlari xalqaro festivali Tatariston poytaxtida 2005-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda. Festivalning taʼsischilari – Tatariston Madaniyat vazirligi, Qozon shahri maʼmuriyati, Rossiya Muftiylar kengashidir.

“Fresco” bu Yerevanda har yili oʻtkaziladigan kinofestivaldir. Uning asosiy maqsadi madaniy muloqot orqali insonparvarlik qadriyatlari, muhabbat va bagʻrikenglik fazilatlarini yanada mustahkamlashdan iborat.