Germaniyaning Kirxxaymbolanden shahrida eng yoshi ulug‘ deputat Lizel Xayze 101 yoshida qonuniy nafaqani rasmiylashtirdi. Bu haqda “Badischen Neuesten Nachrichten” nashri xabar tarqatgan.

Foto: DW

Pensioner momo yoshi emas, balki ko‘rish va eshitish qobiliyati sustlashgani tufayli o‘z vakolatini topshiribdi. Uning aynan salomatligi yig‘ilishlarda ishtirok etishida pand berayotgan ekan.

Deputatni kuzatish marosimi kattagina tanaffusdan keyin bo‘lib o‘tgan dastlabki majlis chog‘i uyushtirildi: mamlakatda koronavirusga qarshi kurash choralari asta-sekin yumshatilyapti. Burgomistr Mark Muxov Xayze — keksa insonlar uchun haqiqiy namuna ekanini ta’kidladi va o‘z navbatida boshqa nemis nuroniylarini ham shahar siyosiy hayotida faol qatnashishga chaqirdi.

Sobiq o‘qituvchi Lizel Xayze 2019-yil boshida mahalliy saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surgandi. 100 yoshli ayol shahardagi ko‘p yillar mobaynida faoliyat ko‘rsatmay kelayotgan basseynni qaytadan ishga tushirilishiga erishish maqsadida siyosatga kirib keldi. Saylanish uchun Xayzega 900 ovoz to‘plash lozim bo‘ldi. Keyinroq u tegishli mandatni oldi va Germaniyadagi eng yoshi ulug‘ shahar noibiga aylandi.

Afsuski, nuroniy deputat o‘zining ezgu niyatiga erisha olmay, nafaqaga chiqib ketdi — shahar basseyni haliyam ochilmadi. Shunga qaramasdan, Lizel momo deputat sifatidagi faoliyati o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘lganini ta’kidlamoqda.