Foto: IIV axborot xizmati

Namangan viloyati IIB xabariga ko’ra, joriy yilning 4-iyul kuni soat 08:30 larda Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan ZIL-130 rusumli yuk avtomashinasida Namangan shahar Nurobod MFYda qurilish bo‘layotgan xonadonlardan biriga qum to‘kib, qaytayotgan vaqtida xonadon egasining 2018-yilda tug‘ilgan farzandini bosib ketgan. Natijada jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

Endigina 2 yoshga to‘lgan bolaning birozgina qarovsiz qoldirilishi afsuski ayanchli oqibatga olib keldi.

Shu kuni soat 08:30 larda, Uychi tumanida ham yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Uychi tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan VAZ-21063 rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat havfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yuborgan.

Natijada jabrlanuvchi bosh miya yopiq shikasti, bosh miya chayqalishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.